
Aziz hamkasblar, qadrli professor-öqituvçilar, universitetimiz xodimlari va talabalar! Barçangizni 21-oktabr — Özbek tili bayrami kuni hamda Özbek tiliga Davlat tili maqomi berilganligining 37 yilligi bilan çin…
Aziz hamkasblar, qadrli professor-öqituvçilar, universitetimiz xodimlari va talabalar!
Barçangizni 21-oktabr — Özbek tili bayrami kuni hamda Özbek tiliga Davlat tili maqomi berilganligining 37 yilligi bilan çin yurakdan samimiy tabriklayman!
Ona tili — millatning tarixiy xotirasi, ma’naviy qudrati va milliy özligini namoyon etuvçi bebaho boylikdir. Tilni asraş — xalqning ötmişini, bugunini va kelajagini asraş demakdir.
Özbek tilining bugungi mavqei, avvalo, ajdodlarimizning asrlar davomida olib borgan ma’rifiy va ma’naviy kuraşi bilan çambarças boğliq. Ayniqsa, XX asr boşlarida millatni jaholatdan ma’rifat sari boşlaşni maqsad qilgan jadid bobolarimiz ona tilini isloh qiliş, ta’limni yangilaş, yangi usul maktablarini oçiş, milliy matbuot va adabiyotni rivojlantiriş orqali xalq tafakkurini uyğotişga intildilar.
Abdulla Qodiriy, Mahmudxöja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abduraşidxonov, Abdurauf Fitrat va boşqa ma’rifatparvarlarimiz uçun til şunçaki aloqa vositasi emas, balki millatni uyğotiş, uning şa’ni va istiqbolini himoya qiliş quroli edi. Ular öz asarlari, maktablari, gazeta va jurnallari orqali xalqni ilmga, tafakkurga va taraqqiyotga çorladi. Ularning orzu-umidlari — özligini anglagan, ilmli, erkin fikrlaydigan va zamonaviy dunyoda munosib örin egallaydigan millatni köriş edi.
XV asrda esa buyuk mutafakkir Alişer Navoiy özining «Muhokamat ul-luğatayn» asari orqali turkiy tilning boy imkoniyatlari va badiiy qudratini namoyon etdi. Uning ijodi ona tilimizning yuksak tafakkur va badiiy ifoda tili ekanini isbotlagan ulkan ma’naviy merosdir.
Jadidçilik harakatining yorqin namoyondasi Abdulla Avloniy esa: «Har bir millatning dunyoda borliğini körsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur», deya til va adabiyotning millat hayotidagi beqiyos örnini ta’kidlagan.
Bugun biz jadidlar boşlab bergan ma’rifatparvarlik yölining munosib davomçilari bölişimiz, ona tilimizni ilm-fan, ta’lim, jurnalistika va zamonaviy axborot makonida yanada rivojlantirişimiz lozim. Zero, tilga hurmat — millatga hurmat, uning kelajagiga mas’uliyat bilan qaraşdir.
Ona tilimizni asraş — ajdodlar merosiga sadoqat, uni rivojlantiriş esa kelajak avlod oldidagi burçimizdir.
21-oktabr — Özbek tili bayrami muborak bölsin!
Professor Şerzodxon QUDRATXÖJA
Özbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, siyosiy fanlar doktori, Özbekistonda xizmat körsatgan jurnalist.
Manba: Telegram


